08:28 / 03.05.2024
1780

Toshkentda qum-shag‘al qazib olayotgan 9 kishiga 230 mln so‘m jarima belgilandi

Toshkent shahrida qum-shag‘al qazib olayotgan 9 nafar fuqaro 230 million so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi. 

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi nazorat inspeksiyasi hamda Toshkent shahar IIB hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi. Mazkur reyd tadbiri prezidentning “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirildi.

Toshkent shahar Yashnobod tumani, “Jarboshi” MFY, Chirchiq daryosida olib borilgan reyd davomida bir guruh fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda ekskavator va yuk mashinalaridan foydalangan holda qum-shag‘al xomashyosi qazib olinayotgani aniqlandi. Natijada tabiatga 139 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan 9 ta shaxsga nisbatan MJtKning 70-1-moddasi 1-qismiga asosan 91 million so‘m jarima belgilandi. Huquqbuzarlar jami 230 million so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Texnika vositalari vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.

Top